Muazzin azon aytib bo'lgach, jome imomining oldiga bir devonasifat yigit keldi-da, «Hazrat, maylimi sizlar bilan birgalikda ibodat qilsam?», dedi. Imomning bu devonani xafa qilgisi kelmadi, rozilik berdi. -Faqat namozxonlarga xalaqit bermagin, o'g'lim. Burchakroqda ibodat qila qol, — dedi. Devonasifat yigit qisinibgina bir burchakka borib o'tirib, jomega yig'ilayotgan odamlarni diqqat bilan kuzata boshladi. Namozxonlarga oldiniga havas bilan tikilayotgan yigitning avzoyi birdan o'zgara bordi. Endi u har bir kishiga ko'zlarini katta-katta ochib, hayratlanib qarar, nigohlarida goh achinish, goh qiziqish, goh alam zohir edi… Oxiri ortiga tisarila-tisarila jomedan chiqib ketdi. Namoz boshlangan vaqtda esa, elkasida bir bog' o'tin bilan, halloslab qaytib keldi. Turtinib-surtinib bir burchakka o'tdi-da, namoz boshladi. Har sajdaga borganida yelkasidagi o'tinlar taraqlab tushar, namozxonlarni rohatsiz etar, atrofda bezovtalik boshlangan edi… Namoz tugadi. Jomedagilar g'ala-g'ovur qilib, bir telbani jomega kiritgani uchun imomdan norozi bo'ldilar. Imom nima gapligini tushunolmay, ko'zlarini javdiratib turgan devonasifat yigitning oldiga kelib, sokinlik bilan tanbeh berdi: — Meni uyaltirding-ku, o'g'lim. Jomega o'tin orqalab kelganing nimasi?! Bu er Allohning uyi, bunda odobsizlik qilish mumkin emas!.. Yigit uyatdan qizarib ketdi, ko'zlaridan alam yoshlari quyildi. Elkasidagi o'tinlarni erga taraqlatib tashlarkan: -Axir… axir men sizlarga o'xshamoqchi bo'ldim… Jomega faqat ibodat uchun kiriladi, deb o'ylar edim. Ammo hamma elkasida yuk bilan kirdi. Hech kim ibodat qilmadi, elkasidagi yuki bilan ovora bo'ldi! – dedi va atrofdagilarning «Astag'firulloh!», «Yo Xudo, O'zing asra!», «Bu jinniga jomeda nima bor edi?!» deya g'ala-g'ovur ko'targaniga parvo qilmay, odamlarni birma-bir qo'li bilan ko'rsata boshladi: -Mana, ishonmasangiz o'zingiz qarang, mana bu odamning elkasida bir qari kampir mingashib o'tiribdi… Mana bu odamning elkasida tovuqlar bor… Bunisi elkasiga chiroyli bir juvonni o'tqizib olgan… Anavi odamning elkasidagi go'dak tinmay chinqirib yig'ladi, u odam go'dakni ovutish bilan ovora bo'ldi, ibodat qilmadi… Tabiiyki, odamlar u ko'rsatganlarni ko'rolmadilar, jumladan imom ham. Ayrimlar xaxolab kula boshlashdi. Ammo… yigit qo'li bilan ko'rsatgan odamlarning ranglari quv o'chib, tillari lol, o'sal bir alfozga tushdilar. Ulardan biri sal o'ziga kelib, imomning qulog'iga nimadir dedi. Imom oldiniga: «Yo'g'-e! Rostdanmi?!» dedi hayratlanib va biroz o'ylanib turgach, sekin yigitning oldiga yaqinlashib, so'radi: — Ayt-chi, o'g'lim, mening elkamda ham biror yuk bormi? Yigit imomdan ko'zlarini olib qochdi va jur'atsizgina: — Albatta… Siz ham ibodat qilmadingiz. Elkangizga semiz bir qo'y mingashib turibdi, u bilan ovora bo'ldingiz, — dedi. Yigitga diqqat bilan tikilib turgan imom bu gapdan so'ng qo'llarini ko'tarib, faryod urdi: — Hayhot, u to'g'ri gapiryapti! To'g'ri gapiryapti! Yo Alloh! Biz gumrohlarni O'zing avf et!.. Jomeda to's-to'polon boshlandi. Odamlar qo'llarini silkitib, bir-birlariga nimalarnidir uqtirishar, kimdir silkinib, unsiz yig'lar, kimdir boshini changallab o'tirar, imom esa cho'kkalab qolgan, tinimsiz «O'zing kechir! O'zing kechir!» der edi… Ma'lum bo'lishicha, o'sha kuni imomning qurbonlikka atab boqayotgan qo'yi kasallanib qolgan bo'lib, imom jomeda ham shuning tashvishi bilan band bo'lgan, hatto namoz vaqtida ham «Borgunimcha harom o'lib qolsa-chi», degan tashvishli xayoldan qutulolmagan edi… «Yelkasiga qari kampir mingashib turgan» kishining onasi betob edi va u «Hozir kamxarjman, onam bandachilik qilib qolsalar, marosimlarini qanday o'tkazaman?!» degan tashvishda edi… «Yelkasida tovuq ko'targan» odam tovuq olish uchun bozorga ketayotgan bo'lib, yo'l-yo'lakay ibodat uchun jomega kirgan, lekin fikri xayoli tovuq bozorida edi… «Yelkasiga chiroyli bir juvonni o'tqizib» olgan yigit yashirin ma'shuqasining visoliga shoshilar, yo'lda uchrab qolgan amakisining qistovi bilangina jomega kirgan edi...
Manba: www.SheJoT.CoM - Saytdan olindi!
Присоединяйтесь — мы покажем вам много интересного
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев